«Hududgazta’minot» korxonasi Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa hududlarida gaz ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanayotganini ma’lum qildi. Aholidan: «gaz plitalarini, isitish va suv isitgich asboblarini hamda dudburonlarni puxta tekshirish» so‘raldi. Elektr jihozlarini yoqishdan oldin xonada gaz hidi yo‘qligiga ishonch hosil qilish va faqat shundan keyingina elektr energiyasidan foydalanish kerakligi eslatib o‘tildi.
Prezident seshanba kuni energotizimda yuzaga kelgan nosozliklarga munosabat bildirib, uzoq hududlardagi texnogen ofatlar O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmasligini ta’kidladi. «Xalqimiz vaziyatni to‘g‘ri qabul qilib, sarosimaga tushmadi. Avvalo sabr-toqatli xalqimizga, shuningdek, barcha soha va idoralar xodimlari, OAV va ijtimoiy tarmoq vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Energetika vazirligi chorshanba kuni soat 17:00 dan keyin gaz bosimi to‘liq tiklanib, normal holatda iste’molchilarga yetkazilishini ma’lum qildi.
Energetika vazirligi respublikaning ayrim hududlarida elektr energiya ta’minoti navbatma-navbat yetkazib berilishini ma’lum qildi. Bunga 64 ta gaz konining ishi vaqtincha to‘xtatilib, IESlarda ishlab chiqarish hajmi qisqarishi sabab bo‘lgan. Qolaversa, Farg‘ona vodiysi, Surxondaryo va Toshkent viloyati hamda poytaxtning ayrim joylarida gaz pasaygan yoki umuman o‘chgan.
Adliya vaziri gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab tadbirkorlar zarar ko‘rayotgani borasida fikr bildirar ekan, shartnoma shartini bajarmagani uchun ta’minotchi korxonalar ustidan sudga murojaat qilish kerakligini aytdi. «Shu yo‘l bilan hammasini tartibga solsa bo‘ladi. Mas’uliyati albatta oshadi, to‘lab ko‘rsin zararni keyin biladi qanaqa hal qilishini», — dedi Ruslanbek Davletov.
«Hududgazta’minot» endilikda ogohlantirishsiz gaz o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, hozirda xonadonlarga 2 mln ga yaqin elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatilgan va qarzdorlik haqida SMS-xabarnoma yuborilib, iste’molchiga 5 kun muddat beriladi.
Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova barcha kommunal xizmatlar uchun aholi va ta’minotchi o‘rtasida tuziladigan shartnomalar qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladi. «Elektr ta’minoti uchun to‘lovni 5 kunga kechiktirgan fuqaro jarima to‘laydi yoki ta’minotdan uzib qo‘yiladi. Lekin hech qanday ogohlantirishsiz elektr ta’minoti to‘xtatilsa yoki kuchlanish ortib ketgani sababli xonadonlardagi elektr asboblar ishdan chiqsa, ta’minotchiga chora ko‘rishning imkoni yo‘q», — dedi u.
Gaz tarmoqlarida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani munosabati bilan 17 mart kuni Toshkentning Yashnobod va Sergeli tumanlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.
Bosh prokuratura departamenti Toshkent va Romitan tumanlarida tadbirkorlar 2,7 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlanganini aniqladi. Ular sarflagan miqdor qish mavsumida 200 tagacha xonadonni uzluksiz gaz bilan ta’minlashga yetishi ma’lum bo‘ldi. Ishbilarmonlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting